Hosildorlikni oshirish bugungi harakatga bogʻliq

Fargʻona viloyati dehqonlari joriy yilda 107 ming gektardan ortiq maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlamoqda.

Sohibkorlar bugʻdoyning har gektaridan oʻrtacha 52,1 sentnerdan hosil koʻtarib, 561 ming 120 tonna boshoqli don tayyorlab, shartnoma asosida 307 ming 850 tonna don sotishni rejalashtirgan.

Gʻalladan moʻl hosil olish, hosildorlikni oshirish bugungi harakatga bogʻliq. Ayni kunlarda gʻallani azotli oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, sugʻorish kabi tadbirlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Viloyatda 4 ta sektor rahbarlari bilan birga gʻalla hosildorligini kamida 30 foizga oshirish boʻyicha «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqilgan.

Boshoqli donlarning «Grom», «Asr», «Davr», «Zamin», «Chillaki» kabi navlari yetishtirilmoqda. Yuqori hosildorlikka erishish uchun bonitet bali past va kech ekilgan maydonlarga qoʻshimcha ishlov berish tashkil etildi. Bunda har gektar maydonga 5 tonnadan 10 tonnagacha chirigan mahalliy oʻgʻit chiqarildi. Har gektar maydonga 50 kilogrammgacha azotli va fosforli oʻgʻit aralashmasi sepib chiqilishi taʼminlandi. Gʻalla maydonlarida begona oʻtlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish borasida ham ishlar davom etmoqda.

Yozyovon tumanida 138 fermer xoʻjaligi tomonidan 6 ming 840 gektar maydondagi gʻalla maysalarining baravj rivojini taʼminlash ishlari izchil olib borilmoqda. Ishchi guruh tomonidan ayrim hududlarda maysa rivoji sust ekani aniqlanib, mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlandi. Agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarishga eʼtibor kuchaytirildi. 

Tumandagi «Bahrombek» fermer xoʻjaligi gʻalla va paxta yetishtirishda katta tajriba toʻplagan. Ayni kunlarda 84 gektar maydonda gʻalla parvarishlanmoqda. Bu yerdagi baravj bugʻdoy maysalarini koʻrgan kishi, albatta, dehqon mehnatiga tasanno aytadi.

– Kunlar isib, bahor kelishi bilan dala yumushlari ham boshlanib ketdi, – deydi fermer xoʻjaligi boshligʻi Olimjon Mamadaliyev. – Ayniqsa, gʻalla parvarishi barcha agrotexnik tadbirlar asosida olib borilmoqda. Azotli, fosforli va kaliyli oʻgʻitlar oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda. Ikkinchi oziqlantirish ishlarini yakunladik. Hosildorlikni 70 sentnerdan oshirishni rejalashtirganmiz.

Mavsumda masʼuliyatsizlikka aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun ham tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar boʻlimi va soliq inspeksiyasi boshliqlari oʻzlariga biriktirilgan hududlarda bahorgi dala ishlariga yanada masʼuliyat bilan yondashmoqda.